Rossiya futbol ittifoqi prezidenti Vitaliy Mutko rus klublari qishki transferlar oynasi davomida turk futbolchilarini o‘z tarkibiga qo‘shib ololmasligini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.ru”.
Oldinroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin rossiyalik tadbirkorlarga 2016-yil 1-yanvardan boshlab Turkiya fuqarolarini ishga olishni taqiqlab qo‘ygandi.
“Agar kimdir qishki transferlar oynasida turk sportchisini taklif qilishni istasa, unda bunday imkoniyat bo‘lmasligiga aminman. Oldinga o‘tib ketish kerak emas, ammo barcha xabardor qilindi.
Sport vazirligi klublarga turk sportchilarini taklif qilishdan tiyilishni tavsiya qiladimi? Albatta. Shubhasiz”, — dedi Mutko.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Su-24 bombardimonchi samolyoti Turkiya tomonidan urib tushirilgandan keyin ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Rossiya Turkiyaga nisbatan qator sanksiyalar joriy qilmoqda.
Izoh (0)