O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 19-oktabrdagi majlisi kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish davomida 2015-yilda sanoat mahsuloti ishlab chiqarishning prognoz parametrlariga va uni diversifikatsiyalashga so‘zsiz erishishni ta’minlash, shuningdek, 2016-yilda iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi, deb xabar beradi O‘zA.
Sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, diversifikatsiyalash va modernizatsiyalash borasida ko‘rilayotgan dasturiy chora-tadbirlar sanoat ishlab chiqarishi hajmlarining 7,3 foizga o‘sishini ta’minlaganligi qayd etildi.
Vazirlar Mahkamasining komplekslari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari oldiga joriy yil yakunlari bo‘yicha sanoat mahsuloti ishlab chiqarishning prognoz parametrlariga erishishni ta’minlaydigan barcha mavjud manbalarni va o‘sish rezervlarini safarbar etish yuzasidan aniq vazifalar qo‘yildi. Boshqaruv tizimi samaradorligini, eng avvalo, korporativ boshqaruv samaradorligini oshirishda mamlakat Prezidentining qarori bilan tashkil etilgan Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markaziga muhim o‘rin yuklanganligi qayd etildi.
“Buyurtmalar portfeli” o‘z vaqtida shakllantirilishi, 2016-yil ishlab chiqarishining prognozlashtirilayotgan hajmlari uchun xomashyo va materiallarni, eng avvalo, IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini o‘tkazish davomida xarid qilishga shartnomalar tuzish, shuningdek, XI Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasida tuzilgan shartnomalarni amalga oshirishda xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi belgilandi.
Izoh (0)