Braziliya federal politsiyasi amaldagi prezidenti Dilma Rusefning o‘tgan yilgi saylovoldi kampaniyasi vaqtida yo‘l qo‘yilgan ehtimoliy qoidabuzarliklar yuzasidan dastlabki tergov harakatlarini boshladi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Politsiya bayonotiga ko‘ra, tergov harakatlari 7-oktabr kuni, Oliy saylov sudi sudyasining qaroridan so‘ng boshlangan. Prezident Rusefning ma’muriyati tergov yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
Tergov amaldagi prezident va vitse-prezident Mishel Temer tomonidan saylovoldi kampaniyasi davomida firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan mablag‘lardan foydalanilganmi-yo‘qmi, shuni aniqlash maqsadida o‘tkazilmoqda.
Newsweek nashrining yozishicha, agar qo‘yilayotgan ayb isbotlanadigan bo‘lsa, Rusef iste’foga chiqishga majbur bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, tergov hali bir necha oy, balki undan ham ko‘proq davom etishi mumkin.
Izoh (0)