Yevroittifoq rasmiylari sanksiyalar kuchga kirgani sababli avval eksport qilinishi taqiqlangan raketa yonilg‘isining gidrazin, geptil va monometilgidrazin kabi tarkibiy qismlarini Rossiyaga cheklangan miqdorda yetkazib berilishiga ruxsat berdi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
YeI Kengashi tomonidan e’lon qilingan qarorda joriy etilgan cheklovchi choralar Yevroittifoq yoki unga a’zo davlatlarning koinot dasturlari amalga oshirilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim ekanligi ta’kidlanadi. Shu munosabat bilan Yevropa manfaatlari doirasida parvozi amalga oshirilayotgan raketa va sun’iy yo‘ldoshlar uchirilishi uchun zarur miqdordagi yonilg‘i komponentlari yetkazib berilishiga istisno tariqasida ruxsat berildi.
Masalan, gidrazin hajmi rejalashtirilgan parvozlar sonidan kelib chiqib hisob-kitob qilinishi va har bir uchish uchun 800 kilogrammdan oshmasligi lozim. Gidrazin va undan hosil bo‘ladigan ashyolar Rossiya hamda chet el sun’iy yo‘ldoshlarini orbitaga olib chiqadigan “Proton” tashuvchi raketasi yonilg‘isida foydalaniladi. 2015-yili “Proton-M” raketalari Inmarsat (Buyuk Britaniya) aloqa operatorining ikki sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqdi.