Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Ar-Riyoddagi hindistonlik uy xizmatchisiga nisbatan amalga oshirilgan og‘ir hujum yuzasidan Saudiya Arabistoni hukumatiga shikoyat qildi. Bu haqda “Nur.kz” xabar bermoqda.
Avvalroq, hindistonlik 58 yoshli Kasturi Muniratxinam o‘zi xizmat qilayotgan uydan qochib ketishga uringan vaqtda, uning o‘ng qo‘li ish beruvchi tomonidan kesib tashlangani ma’lum bo‘lgandi.
“Bunga toqat qilib bo‘lmaydi. Mazkur masala yuzasidan Saudiya Arabistoni hukumatiga murojaat qildik. Elchixonamiz jabrlanuvchi bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi”, — deb yozdi Hindiston tashqi ishlar vaziri Shushma Svaraj Twitter’dagi sahifasida.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston hukumati Saudiya Arabistonida hindistonlik ayolga nisbatan ko‘rsatilgan nomaqbul munosabatdan juda ham xavotirda. Hozirgi vaqtda ayol shifoxonada qolmoqda.
Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Ar-Riyoddagi ish beruvchilar ayolga nisbatan doimiy ravishda yomon munosabatda bo‘lgan. Jabrlanuvchining oilasi Saudiya hukumatidan tovon puli va davolanish xarajatlari to‘lab berilishini talab qilmoqda.
Qayd etishlaricha, Saudiya Arabistoni hukumati hozircha mazkur holatga hech qanday izoh bermayapti.
Izoh (0)