AQSh prezidenti ma’muriyati mudofaa vazirligining Suriya muxolifatini tayyorlash va qurollantirish bo‘yicha ko‘p mablag‘ talab qiladigan dasturini yakunlashga qaror qildi, deya xabar bermoqda “Liga.Novosti”.
Dasturni tugatish bo‘yicha rasmiy axborot AQSh mudofaa vazirligi tomonidan e’lon qilinishi kutilmoqda. Dasturning qiymati 500 million dollarga teng.
Dastur Suriyada IShID terrorchilariga qarshi jang olib borishga qodir quruqlikdagi qo‘shinlarni yarata olmagani aytilmoqda. AQSh endi Iordaniya, Qatar, Saudiya Arabistoni yoki Birlashgan Arab Amirliklarida tayyorgarlikdan o‘tish uchun mo‘tadil isyonchilarni tanlab olmaydi. Buning o‘rniga, Turkiyada ko‘lami bo‘yicha ancha kichik bo‘lgan o‘quv markazi yaratiladi, unda Suriya muxolifati aktivistlari va yetakchilaridan tashkil topgan kichik guruhlar o‘qitiladi.