G‘azo sektorida Isroil harbiylari bilan yuz berayotgan to‘qnashuvlar vaqtida halok bo‘lgan falastinliklar soni sakkiz nafarga yetdi, 45 kishi tan jarohati olgan. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Sinxua” agentligining Falastin ma’muriyatiga asoslanib xabar berishicha, qurbonlar orasida bir ayol ham bor. Politsiya vakillarining qayd etishicha, u Isroil askariga hujum qilishga uringan vaqti otib tashlangan.
9-oktabr kuni Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi falastinliklarga hamdardlik bildirish maqsadida tashkil etilgan namoyish vaqtida Isroil harbiylariga qarata tosh uloqtirish boshlaganidan so‘ng, askarlar namoyishchilarga qarata o‘t ochishi natijasida to‘rt kishi halok bo‘lgandi.
To‘qnashuvlar juma namozidan so‘ng Xon-Yunusdan sharqdagi chegara chizig‘i hududida yuz berdi. Yoshlar olomonini to‘siqlardan uzoqlashtirish maqsadida Isroil harbiy xizmatchilar ko‘zdan yosh oqizuvchi granatalardan foydalandi.