Turkiya politsiyasi Zaman gazetasining ingliz tilidagi nashri muharririni mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni nashr Twitter’i orqali haqorat qilganlikda gumon qilib, hibsga oldi. Bu haqda “Kommersant.ru” xabar bermoqda.
Gazeta muharriri Bulent Kenes politsiya xodimlari tomonidan nashr tahririyatida hibsga olindi — bundan avval politsiyachilar tahririyat binosida to‘liq tintuv o‘tkazib chiqdi.
Turkiya politsiyasi 6-oktabr, seshanba kuni Koza-Ipek Media mediaguruhi ofislarida tintuvlar o‘tkazgandi, mazkur kompaniya nashrlari Turkiyaning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga nisbatan ko‘p marta tanqidiy fikrlar bildirgandi.
Oqibatda olti jurnalist terrorchilikni moliyalashtirish va targ‘ib etish ayblovlari bilan hibsga olindi. Bir kun avval xuddi shunday ayblovlar bilan Vice News’ning britaniyalik ikki muxbiri qo‘lga olingan edi.