Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning pozitsiyasi zaif ekanligidan darak beradi. Bu haqda AQSh prezidenti Barak Obama CBS telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
“Suriya Rossiyaning mintaqadagi yagona ittifoqdoshi edi. Bugun esa, Suriya ko‘magiga umid qilish va o‘z harbiy bazasini ta’minlash o‘rniga, janob Putin yagona ittifoqdoshini bir oz qo‘llab-quvvatlash uchun barcha qo‘shinlarini jalb qilmoqda”, — dedi Obama.
Dastur boshlovchisi Rossiya prezidenti Obamaning “yetakchiligiga qarshi chiqayotgani” haqida fikr bildirdi. “Agar siz o‘z iqtisodiyotini barbod qilib, yagona ittifoqdoshini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shinlarini jo‘natishni yetakchilik deb hisoblasangiz, unda bizning bu tushuncha to‘g‘risidagi tasavvurlarimiz turlicha ekan”, — deya e’tiroz bildirdi AQSh prezidenti.