“Navbahor” futbol klubi yarim himoyachisi Alibobo Rahmatullayev faoliyatini Ozarbayjonning “Ravan” klubida davom ettiradi. Bu haqda, “Navbahor” matbuot xizmatiga asoslanib, “Stadion.uz” xabar bermoqda.
Qayd etishlaricha, Oliy Liga-2015 birinchi davrasini “Buxoro” tarkibida o‘tkazgan Alibobo Rahmatullayev ikkinchi davra arafasida “Navbahor”ga qo‘shilgan edi, biroq uning shartnomasida futbolchiga xorijdan yaxshiroq taklif tushsa uni hech bir muammosiz qo‘yib yuborish borasida band bor edi.
“‘Ravan’ mashg‘ulotlarida qatnashgan futbolchining harakatlari klub vakillariga manzur bo‘lgach, Rahmatullayevga shartnomani taklif qilishdi. Shundan so‘ng, Alibobo “Navbahor”ga bu borada murojaat qildi. O‘zaro kelishgan holda shartnoma bekor qilindi”, — deyiladi “Navbahor” xabarida.
Ma’lumot uchun, 2007-yili tashkil topgan Bokuning “Ravan” klubi ayni vaqtda Ozarbayjon Premyer-ligasining dastlabki uch turidan so‘ng, 2 ochko jamg‘arib, 10 jamoa orasida 8-pog‘onani egallab turibdi. Alibobo yangi jamoasidagi debyutini 13-sentabr kuni “Neftchi”ga qarshi derbida amalga oshirishi mumkin.
Izoh (0)