Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 25-avgust, seshanba kuni mamlakat bosh vaziri Ahmad Davuto‘g‘liga parlamentga bo‘ladigan muddatidan avvalgi saylovlargacha amal qiladigan muvaqqat hukumat tuzish uchun vakolat berdi. Bu haqda prezident ma’muriyati bayonotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Avvalroq Turkiya prezidentining parlamentga muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori haqida davlat rahbarining rasmiy saytida e’lon qilingan edi. Saylovlar 1-noyabrda bo‘lib o‘tishi mumkin.
Muvaqqat hukumat besh kun muddatda tuzilishi kerak.
Prezident bosh vazirga 9-iyul kuni hukumat koalitsiyasini tuzish vakolatini bergan, biroq Ahmad Davuto‘g‘li 18-avgust, seshanba kuni Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashuv o‘tkazib, hukumat koalitsiyasi tuzish haqidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz kechganini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)