“Manchester Yunayted” yozgi transfer oynasida hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida Olli Uotkins (“Aston Villa”) va Benyamin Sheshko (“Leypsig”) nomzodlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.

Avvalroq “qizil iblislar” Ugo Ekitike va Viktor Dyokereshni xarid qilishga harakat qilib ko‘rgan edi. Biroq Ekitike “Liverpul”ni, Dyokeresh esa “Arsenal”ni tanladi. Endi mankunianliklar ularning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan boshqa hujumchilarni izlamoqda.
Manbaga ko‘ra, klub rahbariyati Uotkins va Sheshkoga oid vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Biroq har ikki futbolchining transfer narxi yuqoriligi sababli muzokaralar ehtiyotkorlik bilan olib borilmoqda. “Manchester Yunayted” ayni damda futbolchilarning vakillari bilan bog‘lanib, ularning moliyaviy talablarini o‘rganmoqda.
Benyamin Sheshkoga “Nyukasl” ham jiddiy qiziqish bildirgan. Shunga qaramay, “Yunayted” sloveniyalik futbolchi aynan ularni tanlashiga ishonmoqda. Shu bilan birga, “Aston Villa” Olli Uotkinsni qo‘yib yuborish niyatida emasligini bildirgan. Biroq “Manchester Yunayted” 29 yoshli hujumchini yaxshi moliyaviy taklif bilan qo‘lga kiritishga harakat qilmoqchi.
“Qizil iblislar” mazkur transferlar uchun mablag‘ yig‘ish maqsadida Aleksandro Garnacho, Antoni, Jeydon Sancho va Teyrel Malasiyani sotishni rejalashtirmoqda. Agar bu futbolchilarni sotishga erishsa, Uotkins va Sheshkoni xarid qilish imkoniyati ortadi.
Izoh (0)