Shveysariyaning fransuz tilidagi Le Temps gazetasida yevropalik tinglovchilar qalbini zabt etgan o‘zbekistonlik yosh pianinochiga bag‘ishlangan “Behzod Abduraimov, otashin barmoqlar” sarlavhali maqola chop etildi, deya xabar bermoqda “Jahon” AA.
“Bu yorqinlashib borayotgan yulduz — Londondagi 2009-yilgi Xalqaro tanlov kashfiyotidir, u Sharq mahoratli san’atkorlarining yosh avlodidan”, — deyiladi maqolada. Shuningdek, unda Behzodning 1990-yilda Toshkentda tug‘ilgani, besh yoshidan pianino chala boshlagani, Uspenskiy nomidagi musiqiy maktabga borgani aytiladi.
O‘z san’atini o‘zbekistonlik pianinochi Kanzas-Sitida, Park universitetidagi Stanislav Yudenichning fortepiano sinfida charxlaganiga alohida urg‘u berildi va uning boshqa mahoratli ustozlari sanab o‘tildi.
Maqolada qayd etilishicha, bugungi kunda Behzod yiliga 60—65 ta konsert beradi. U o‘z vaqtini Kanzas-Siti, Toshkent va London o‘rtasida taqsimlaydi. Ishining yuqori sur’ati tufayli yuzaga keladigan charchoqni esa yosh musiqachi sahnada chiqarib oladi.
Izoh (0)