Hindistonlik 79 yoshli Om Karanatx kambag‘allarni qimmatbaho dori vositalari bilan ta’minlashning juda oddiy va samarali g‘oyasini hayotga tatbiq qildi, deb xabar beradi “TASS”.
Oxirgi sakkiz yil davomida u har kuni Dehlining boy aholisi istiqomat qiladigan turar joylarni aylanib chiqib, foydalanilmagan dori vositalarini to‘playdi. So‘ngra ularni muhtojlarga shifokor yozib bergan dori qog‘oziga binoan tarqatadi. Bu g‘oya unga uyi yaqinidagi qurilishda bir necha ishchilar jiddiy jarohat olib, qimmat dorilarga muhtoj bo‘lib qolganda kelgan edi.
“Kambag‘al ishchilarning sug‘urtasi ham, puli ham yo‘q edi. Shunda xayolimga ular uchun boylardan dori vositalarini to‘plash fikri keldi. Tezda shunga amin bo‘ldimki, kambag‘al va muhtojlarga yordam berish uchun Bill Geyts yoki Mukesh Ambani kabi milliarder bo‘lish shart emas ekan. Buning uchun qat’iylik va xohish kerak bo‘ladi”, — deydi Om Karanatx.
U faqat Dehlining o‘zidan har oyda 50—100 ming rupiylik (800—1600 dollar) dori vositalarini to‘playdi va kelajakda o‘zining tarafdorlarini topib, bepul dorilar tarqatishning umummilliy tizimini yaratishni orzu qiladi.
Izoh (0)