Nyu-York daydi jonivorlarni tutish xizmati tomonidan qo‘lga tushirilgan alligator to‘satdan o‘lib qoldi. Bu haqda The Washington Post xabar bermoqda.
24-iyul, juma kuni daydi jonivorlarni tutish xizmati tomonidan Manxettenda ko‘chani kesib o‘tayotgan alligator qo‘lga tushirilgan edi. Uzunligi bir metrga yaqin bo‘lgan sudralib yuruvchi odamlardan va mashinalardan umuman qo‘rqmas va ko‘chani kesib o‘tishga urinardi.
“Timsoh ancha darg‘azab edi. Aftidan, kimdir uni ko‘chaga uloqtirgan”, — deya qayd etdi politsiya xodimi Kris Morello.
Politsiyachilar tomonidan chaqirilgan jonivorlarni tutish xizmati xodimlari alligatorni vaqtincha boqishga rozi bo‘lgandi. Timsohni ko‘zdan kechirgan veterinar Shon Keysi uning ahvoli joyida ekanligini ma’lum qilgandi.
“Uzunligidan kelib chiqib aytsak, uning yoshi taxminan bir yoki ikkida. Katta ehtimol bilan, u kimningdir uy hayvoni bo‘lgan, keyinroq yo u yerdan qochib chiqqan, yo qarovsiz qoldirilgan”, — degandi veterinar.
25-iyul, shanbaga o‘tar kechasi esa alligator kutilmaganda o‘lib qoldi. Bu haqda daydi jonivorlarni tutish xizmati matbuot kotibi ma’lum qildi. Sudralib yuruvchining o‘limi sabablari hozircha ma’lum emas.
Izoh (0)