Rossiya oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalari soni bo‘yicha O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida birinchi o‘rinda turadi. Bu haqda, UzDaily’ning xabar berishicha, Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev ma’lum qildi.
2014-yili O‘zbekiston maktab va kollejlarining 1080dan ortiq bitiruvchilari Rossiya oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi, ularning 305 nafari Rossiya hukumati tomonidan, xususan, O‘zbekiston fuqarolari uchun ajratilgan ta’lim kvotasi asosida o‘qishga kirgan.
Ma’lumot uchun, 2005-yil 12-avgustda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Rossiya Fan va ta’lim vazirligi o‘rtasida Bitim imzolangan va mazkur hujjat ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda Rossiyaning qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari: Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universiteti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasi va Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiallari muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.
Izoh (0)