American Express prezidenti Ed Gilligan Nyu-Yorkdagi ishchi tashrifdan qaytayotganida kutilmaganda korporativ samolyot bortida vafot etdi. Bu haqda moliya kompaniyasi bosh direktori Kennet Cheno ma’lum qildi, deya xabar bermoqda NewsRu.com.
O‘limning aniq sabablari ma’lum qilinmayapti. Xabarlarga ko‘ra, parvoz vaqtida Gilligan o‘zini yomon his qilgan. U 55 yoshda edi, uning xotini va to‘rt nafar farzandi bor edi.
Chenoning qayd etishicha, hodisa sabablari kelasi hafta ma’lum bo‘ladi.
Gilligan qariyb 35 yil avval American Express’ga ishga kelgan, 2007-yili esa kompaniya raisi o‘rinbosari etib tayinlangandi. Oradan olti yil o‘tib esa kompaniya prezidentiga aylangandi.
American Express’ning bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan. Moliya kompaniyasiga 1850-yilda asos solingan va u hozirgi vaqtda AQSHdagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. American Express kredit kartalarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan va jahonning taxminan 100 mamlakatida faoliyat olib boradi.
Izoh (0)