O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xening taklifiga binoan 27-may kuni davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyaga keldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Janubiy Koreya protokoliga muvofiq O‘zbekiston Prezidenti sharafiga Seul aeroportida ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi. Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.
O‘zAning xabar berishicha, Seul ko‘chalari O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning davlat bayroqlari, oliy martabali mehmonni qutlovchi shior va bannerlar bilan bezatilgan.
Ushbu tashrif O‘zbekiston – Janubiy Koreyaning muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuvlari doirasida o‘tmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti davlat tashrifining asosiy tadbirlarini, jumladan, Janubiy Koreya Prezidenti va boshqa rahbarlari bilan rasmiy muzokaralar, yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvlarni 28-29-may kunlari o‘tkazish mo‘ljallangan.
Avval xabar qilinganidek, tashrif chog‘ida ikki davlat rahbarlarining qo‘shma deklaratsiyasi qabul qilinishi va o‘zaro munosabatlarni 2014-yilda imzolangan Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya ruhida mustahkamlashga qaratilgan bir qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)