Audi’ning ishlanmalar markazi neftdan foydalanmasdan oktan ko‘rsatkichi 100 bo‘lgan benzin ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Autonews.ru xabariga ko‘ra, e-benzin nomini olgan modda neftni qayta ishlash zavodlarida olinadigan standart yoqilg‘idan bir qator ko‘rsatkichlari bo‘yicha ustundir.
Audi’ning sintetik yoqilg‘isi oltingugurt va benzol aralashmagan toza izooktandan iborat. E-benzin’ni tayyorlashning birinchi bosqichida Audi’ning hamkori – Global Bioenergies kompaniyasi o‘simlik xomashyosidan izobitulen gazini ishlab chiqarmoqda.Shundan so‘ng gazni suyuqlikka – izooktanga aylantirishadi. Global Bioenergies hozirgi vaqtda e-benzin’da ishlovchi motorlarni sinovdan o‘tkazmoqda. Qayd etishlaricha, e-benzin’dan ichki yonuv dvigatellarida foydalanish mumkin va u motorning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oshiradi.
Audi yoqilg‘ining yangi turlari ustida ko‘pdan beri tajribalar o‘tkazib keladi. Masalan, A3 Sportback g-tron xetchbeki sintezlangan metan – e-gas’da ishlaydi. Hozirgi vaqtda bunday yoqilg‘i Germaniyaning Vertl shahrida ishlab chiqarilmoqda.
Audi’ning yana bir loyihasi – e-diesel yoqilg‘isidir. U maxsus sianobakteriyalar yordamida oqova suvlardan olinadi – ushbu bakteriyalar quyosh nuri ta’sirida etanol yoki dizel yoqilg‘isini ishlab chiqaradi.
Izoh (0)