17-may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida “O‘zbek madaniyati kuni” munosabati bilan Proart Center of Performing Arts kompaniyasi hamda uning Istanbul shahridagi vakolatxonasi Proarts Istanbul va “O‘zbegim” milliy taomlari restorani hamkorligida katta konsert dasturi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Popcorn.uz”.
Bu uchrashuv ulkan kemada to‘rt soat mobaynida davom etib, unda o‘zbek estradasining yorqin yulduzi Rayhon hamda jonli ijrodagi xonishlari bilan qalblarni larzaga keltiruvchi xonanda Jahongir Otajonov o‘zlarining diltortar va raqsga chorlovchi taronalari ila turkiyalik muxlislarini xushnud etdi.
Konsert dastur rejasiga ko‘ra, o‘zbek milliy sadolari ostida boshlandi. Xonanda Jahongir Otajonovning xit taronalari tomoshabinlarni o‘ziga jalb etib, xorazmcha kuy qo‘shiqlarga raqsga tushdi. Ayniqsa, “Oq bulutlar” taronasini muxlislar jo‘rlikda ijro etishgani xonandani yanada ruhlantirdi.
Oradagi tanaffuslarda iste’dodli va mahoratli dizaynerlar Dildora Qosimova, Bekzod Saidov hamda Iroda Rizayevalar o‘z liboslari namoyishini taqdim etdi. Zamonaviy bichimdagi milliylik bilan uyg‘unlashtirilgan, atlas va adras matolaridan tikilgan bejirim liboslar barchani hayratlantirdi.
Estradamizning yorqin yulduzi Rayhon kuylaganida esa mehmonlarning quvonchi ichiga sig‘may deyarli barcha qo‘shiqlarini birgalikda jo‘r bo‘lib kuylab olqishladi. Betakror ovoz sohibasi Rayhon kutilmaganda turk tilida qo‘shiq ijro etgani tomoshabinlarga yanada xush yoqdi.
Konsert dasturlarini boshlovchilar Nilufar Sotiboldiyeva hamda Dog‘ukan Erdem Kutlu ochib berdi. Mazkur konsert dasturida O‘zbekistondan bir qator san’at fidoiylari, shuningdek, “O‘zbeknavo” Estrada birlashmasidan Odil Abdug‘aniyevich ham dastur mehmoni bo‘ldi. Qolaversa, tadbir so‘ngida Dj Akrom o‘zining Eastern disco deb nomlangan kichik dasturini ham taqdim etdi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur do‘stona uchrashuv ulkan kemada, o‘zbek estradasining yorqin ijodkorlari, dizaynerlari, milliy taomlari tortilgan dasturxon hamda moviy osmon-u, dengiz bilan uyg‘unlashib, ko‘pchilikning xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladigan bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Izoh (0)