Jori yilning 15−16-may kunlari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasidagi “Huquq bilimdonlari” respublika tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Mazkur tanlov Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan xamkorlikda tashkil etildi. O‘tgan yildan buyon o‘tkazilayotgan tanlov 3 bosqichda tashkil etilib kelinmoqda. Joriy yilgi tanlovning ilk bosqichida 48 695 nafar o‘quvchilar ishtirok etgan bo‘lsa, ulardan 965 nafari ikkinchi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Yakuniy bosqichda esa 70 nafar o‘g‘il qiz o‘zlarining bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Test va savol-javob orqali joylardan kelgan jamoalar o‘zlarining bilimlarini namoyish etgan bo‘lsa, sahna ko‘rinishlari orqali yoshlar orasida huquqbuzarlikning oldini olish va turli illatlarga qarshi kurashish masalalriga alohida urg‘u berdilar.
Tanlov natijalariga ko‘ra Namangan viloyatining “Yosh advokatlar” jamoasi 3-o‘rin, Buxoro viloyatining “Adolat” guruhi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 1-o‘ringa Navoiy viloyatidan tashrif buyurgan “Yuksak ma’naviyatli avlod” guruhi loyiq deb topildi. G‘oliblarga vazirlikning diplomlari va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, tanlov ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, A. Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi hamda Mustaqillik maydoni bo‘ylab sayohatlari uyushtirildi.
Izoh (0)