“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi yaqinlashayotgan yoz mavsumida shahar jamoat transportiga konditsioner o‘rnatishni rejalashtirmagan, deb xabar bermoqda “Uz24.uz”.
“Uz24.uz”ga yo‘llangan xatda aytilishicha, kompaniya tomonidan yaqin vaqtda konditsioner tizimiga ega avtobus va tramvaylarni sotib olish ham reja qilinmagan. Kompaniyaning eslatishicha, issiq havoga qarshi transport salonlarida darchalar yoki shift tuynuklaridan foydalanish mumkin. Ular qo‘shimcha havo o‘tkazadi va ularni harakatlanish davomida ochishga ruxsat etilgan.
O‘tgan yili ham kompaniya avtobuslarga konditsioner o‘rnatiladimi, degan savollarga qat’iy rad javobini bergan edi. Bunga konditsioner tizimi o‘rnatilgan transport vositalari va ularga texnik xizmat ko‘rsatish narxi yuqoriligi sabab sifatida ko‘rsatilgan edi.
Izoh (0)