“Bavariya” “Kamp Nou”da yirik 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lib qaytganiga qaramay, myunxenliklarning barcha a’zolari javob o‘yinida ijobiy natijaga erishib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga ishonayotganini bildirgandi, deb yozadi “Stadion.uz”. Buning uchun Gvardiola jamoasi kataloniyaliklar darvozasiga kamida 3 ta gol urib, hech bo‘lmaganda o‘yinni qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tkazishlari talab etilardi.
“Bavariya” haqiqatan ham 3 ta gol urdi. Ammo ular boshqa shartni bajara olishmadi. “Barselona” mezbonlar darvozasini 2 marta ishg‘ol qilishdi.
Nemislar o‘yinning 6-daqiqasidayoq burchak zarbasidan keyin Benatianing goli orqali o‘yinda kuchli intrigani yuzaga keltirishdi. Ular shundan keyin bosimni davom ettirishdi. Biroq bahsning 15-daqiqasida Neymar tomonidan urilgan gol yangi “tug‘ilgan” intrigani “bo‘g‘ib o‘ldirdi”. Messi nozik pas bilan Suaresni birga bir vaziyatga chiqardi. Avvalgi o‘yindan xulosa qilgan Luis o‘zi zarba bermasdan Neymarni to‘p bilan ta’minladi. Braziliyalik futbolchi bo‘sh darvozani muammosiz ishg‘ol qildi.
Shundan keyin ham nemislar ruhan sinib qolmadi. Hujum tashkil qilishdi, zarbalar berildi. Ter Shtegen o‘z o‘rnida mustahkam harakat qildi. Neymar tomonidan kiritilgan ikkinchi gol esa irodali nemislarni ham ruhini tushirdi. Himoyachining olis masofadan uzatmasini maydon markazida Messi bosh bilan ortga urib yubordi va Suares yana birga bir vaziyatga qochib ketdi. Luis bu safar ham o‘zi zarba bermadi hamda ikki himoyachining ustidan oshirib, narigi qanotdan etib kelgan braziliyalikka pas berdi. Neymarning zarbasini Noyer yaqin burchakdan o‘tkazib yubordi.
Birinchi bo‘lim tugashiga 5 daqiqa qolganida e’tiborga molik vaziyat yuzaga keldi. Levandovski tomonidan birga bir vaziyatda berilgan zarbadan keyin to‘p Ter Shtegenning qo‘liga tegib, darvozaga dumalab kirayotganida, darvozabonning o‘zi to‘pni chiziq ustida qaytarib yubordi!
Ikkinchi bo‘limda “Barselona” shunchaki to‘pni nazorat qilishga harakat qildi, ammo oldinga o‘tmadi. Enrike ham Suares, Rakitich va Inyestani maydondan olib, kamroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan futbolchilarga imkoniyat berdi. Myunxenliklar esa ikkinchi bo‘limda 2 ta vaziyatni golga aylantira oldi va hisobni 3:2 ga yetkazdi. “Bavariya”ga esa yana 3 ta gol kerak edi.
“Bavariya” oxirigacha kurashdi, ammo finalga haqli ravishda “Barselona” chiqdi. 6-iyun kuni Berlinda bo‘ladigan finaldagi kataloniyaliklarning raqibi ikkinchi yarim finalda aniqlanadi. Yo “Real”, yoki “Yuventus”.
YeChL, yarim final, javob o‘yini
“Bavariya” (Germaniya) – “Barselona” (Ispaniya) 3:2 (1:2, 2:0)
Gollar: 1:0 – 7 Benatiya, 1:1 – 15 Neymar, 1:2 – 29 Neymar, 2:2 – 59 Levandovski, 3:2 – 74 Myuller.
“Bavariya” – Noyer, Boateng, Bernat, Benatiya, Lam (Rode, 68), Alkantara, Xabi Alonso, Rafinya, Shvaynshtayger (Martines, 87), Myuller (Gyottse, 87), Levandovski.
“Barselona” – ter Shtegen, Dani Alves, Buskets, Pike, Alba, Inyesta (Xavi, 75), Maskerano, Rakitich (Matye, 72), Neymar, Messi, Suares (Pedro, 46).
Ogohlantirishlar: Rafinya (40), Alkantara (45), Rakitich (64), Levandovski (76), Xabi Alonso (81), Rode (84), Pedro (85).
Birinchi o‘yin: 0:3
Izoh (0)