Ozarbayjonning Naxichevan shahrida shaxmat bo‘yicha “Nakhchivan Open-2015” festivali qizg‘in davom etmoqda. Eng kuchli ishtirokchilar jam bo‘lgan “A” guruhida 17-Jahon chempioni, hamyurtimiz Rustam Qosimjonov omadsiz ishtirok etyapti, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Guruhda birinchi raqamli ishtirokchi sifatida qayd etilgan Qosimjonov kecha o‘tkazilgan 5-tur uchrashuvida yana durang qayd etdi. Bu hamyurtimizning beshinchi uchrashuvdagi to‘rtinchi durangi bo‘ldi. Kecha shaxmatchimiz oq donalarda o‘ynashiga qaramay, reytingda o‘zidan ancha pastda turgan eronlik Umid Noruzini mag‘lub eta olmadi.
Besh imkoniyatdan uch ochkoga ega bo‘lib turgan yurtdoshimiz turnir jadvalida qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 66 ishtirokchi orasida 27-o‘ringa pastladi. Bugun o‘tkaziladigan 6-turda Rustam Qosimjonov oq donalarda o‘zi singari 3 ochkoga ega bo‘lib turgan ozarbayjonlik Vugar Rasulov bilan munosabatlariga oydinlik kiritib oladi.
Izoh (0)