Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh kotibi Pan Gi Mun o‘zidan keyin ushbu lavozimni ayol kishi egallashi kerak, deb hisoblaydi. Bu haqda uning rasmiy vakili o‘rinbosari Farhan Haq ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Qator tadbirlar davomida Pan Gi Mun bir necha marta bosh kotib lavozimini ayol kishi egallaydigan vaqt kelganini aytib o‘tgan. U ko‘plab yuqori lavozimlarda, jumladan BMTda ham ishlaydigan ayollar bilan uchrashuv o‘tkazadi. Biroq saylovlarda qatnashish ularning o‘z xohishlariga bog‘liq”, — dedi bosh kotib vakili.
BMT bosh kotibligiga ehtimoliy nomzodlar sifatida BMT Rivojlanish dasturi rahbari Helen Klark, YuNESKO ijrochi direktori Irina Bokova, Chili va Litva prezidentlari Mishel Bachelet va Dalya Gribauskayte, Daniya bosh vaziri Xelle Torning-Shmidt ko‘rsatiladi.
Ma’lumot uchun, janubiy koreyalik diplomat Pan Gi Mun BMT bosh kotibi lavozimini 2007-yil 1-yanvarda egallagan bo‘lib, 2016-yil 31-dekabrda uning ikkinchi vakolat muddati tugaydi va u uchinchi marta o‘z nomzodini qo‘yish huquqiga ega emas.
Izoh (0)