Venesuela prezidenti Nikolas Maduro o‘ziga qarata mango uloqtirgan ayolga kutilmagan yo‘l bilan javob qaytardi – unga uy sovg‘a qildi. Bu haqda Kommersant.ru xabar bermoqda.
Hodisa o‘tgan dam olish kunlari Ansoategi shtatida ro‘y bergandi. Asosiy kasbi haydovchilik bo‘lgan prezident Maduro Venesuelaning Barselona shahrida qurilgan yangi avtomobil yo‘lining ochilishida avtobusni o‘zi, juda past tezlikda boshqarib ketarkan, yo‘l atrofida to‘plangan olomon ichidan uning ochiq turgan derazasiga qarata mango uloqtirilgan – meva prezidentning boshiga tekkan.
Shundan so‘ng Maduro qo‘liga shu mevani ushlab olganicha, davlat televideniyesi orqali chiqish qilib, mangoni uloqtirgan shaxs uning po‘stlog‘iga xat yozib, telefon raqamini ham qoldirganini aytib o‘tgan. Ma’lum bo‘lishicha, mangoni 54 yoshli ayol uloqtirgan. Nikolas Maduro mevadagi yozuvni o‘qib bergan: “Qo‘lingdan kelsa, menga qo‘ng‘iroq qil”.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, uning yordamchilari bu ayol bilan bog‘lanishgan, ayol esa so‘nggi lahzagacha unga aynan Nikolas Maduroning odamlari qo‘ng‘iroq qilayotganiga ishona olmagan. “Uning uy bilan bog‘liq muammosi bor ekan, men unga turar-joy ajratilishi haqidagi qarorni ma’qulladim va u “Buyuk vazifa – turar-joy” dasturi doirasida yaqin soatlarda uyni oladi”, - dedi Maduro.
Izoh (0)