2014-yil may oyida Navoiy viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organi tomonidan Xatirchi tumanidagi Maydonsoy qishlog‘ida yashovchi er-xotin xonadoni tekshirilganda, tomorqadan 157 tup giyohvandlik o‘simligi topildi, deb xabar bermoqda “Huquq” gazetasi.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergov-surishtiruv jarayonida besh nafar farzandning ota-onasi bo‘lgan mazkur fuqarolar giyohvandlik vositalar savdosi bilan shug‘ullangani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, er-xotin o‘tgan yilning 20-mart kuni xonadoniga tashrif buyurgan mijozga og‘irligi 67 gramm bo‘lgan giyohvandlik moddasini 100 ming so‘mga pullagan. Oradan 20 kun o‘tib esa 105 gramm marixuana 100 dollarga xarid qilingan.
Sud majlisida salkam 70 yoshni qarshilagan ota sog‘ligi yomonligi sabab doimiy ravishda dori-darmon sotib olish uchun tomorqasida giyohvandlik vositasini yetishtirganini aytib, o‘zini oqlashga urindi. O‘zi ham ba’zan ushbu zahri qotildan iste’mol qilib turishini yashirmadi.
Navoiy shahar sudi erkakni 12 yil, uning 50 yoshga yaqinlashib qolgan ayolini esa 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
Izoh (0)