Ma’lumki, saylov qonunchiligimizga binoan, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Mazkur huquqiy me’yorga muvofiq mamlakatimizda muddatidan oldin ovoz berish 19-mart kuni boshlandi, deb yozadi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita.
Shu munosabat bilan umra ziyoratiga ketayotgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni saylovda qatnashishga imkoni bo‘lmaydigan fuqarolarimiz joriy yilning 19-mart kuni Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkentdagi filialida tashkil etilgan 160-saylov uchastkasida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tegishli tartibda tasdiqlangan, saylovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar qayd etilgan hamda ularning muddatidan oldin ovoz berishga imkon beradigan hujjatlar asosida ovoz berdilar.
Ziyoratchilarimiz muddatidan oldin ovoz berishda emin-erkin qatnashishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va saylov uchastkasi mas’ullari tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar muhayyo qilindi. Umrachilar o‘zlarining shaxsiy qarorlarini qabul qilib bo‘lgach, to‘ldirilgan saylov varaqasini yopiq konvertda uchastka saylov komissiyasida qoldirdilar. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasi ikki nafar a’zosining imzosi qo‘yilib, ular komissiyaning muhri va saylovchining imzosi bilan tasdiqlandi.
Saylov nihoyasida ziyoratchilar hukumatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlardan minnatdor ekanliklarini izhor etib, yurtimiz tinchligi va ravnaqi uchun duolar qildilar.
Shundan so‘ng ziyoratchilarmiz kuzatuvchilar boshchiligida “Toshkent” xalqaro aeroportiga yo‘l oldilar. Aeroportda ziyoratchilarimizni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlar vakillari kuzatib qoldilar.
Fuqarolarimiz uchun umra ziyoratini tashkil etish jarayoni davom etmoqda.
Izoh (0)