Bugun, 9-mart kuni Qatar poytaxti Doxa shahrida taekvondo (WTF) bo‘yicha nufuzli Qatar Open musobaqasi yakuniga yetadi. Kechagi kun dasturida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 ta oltin, 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
-41 kg vazn toifasida dayanga chiqqan Madinabonu Mannopova barcha raqibalarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medal bilan taqdirlandi. U hal qiluvchi final bahsida Lin Alshoulini taslim etdi. Bruney va livanlik sportchi qizlar bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Kichik yoshdagi bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Abdulloh To‘ychiyev (25 kg) va Akobir Akromov (29 kg) finalda mag‘lubiyatga uchrab, kumush medalga egalik qildi. Bu ikki sportchi finalda mos ravishda Saudiya Arabistoni va BAAlik tengqurlariga imkoniyatni boy berdi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqaning birinchi kuni terma jamoa sardori Osiyo o‘yinlari g‘olibi, o‘z vazn (87 kg) toifasida dunyo reytingida birinchi o‘rinda borayotgan Jasur Boyqo‘ziyev kumush medalga sazovor bo‘lgan edi. Ikkinchi kungi bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga yana bir medalni Dmitriy Shokin taqdim etdi. +87 kg vazn toifasida dayanga chiqqan Shokin bronza medali bilan taqdirlandi. Nikita Rafalovich esa 74 kg vazn toifasida o‘tkazilgan bahslarda oltin medalni qo‘lga kiritdi. U hal qiluvchi final bahsida fransiyalik Torann Mayzeroyni mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Izoh (0)