Qatar poytaxti Doxa shahrida Taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tkazilayotgan Gran-Pri turkumiga kiruvchi “Qatar Open” musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bittadan oltin, kumush va bronza medaliga sazovor bo‘ldi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatiga tayanib “Uff.uz”.
O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga oltin medalni Nikita Rafalovich keltirdi. Vazni 74 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan tajribali sportchi hal qiluvchi final jangida fransiyalik Torann Mayzeroyni mag‘lubiyatga uchratdi.
2014-yil Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarining g‘olibi, o‘z vaznida dunyo reytingida peshqadamlik qilayotgan yana bir O‘zbekiston vakili Jasur Boyqo‘ziyev finalga qadar kechgan bahslarni mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, kumush medal sohibi bo‘ldi.
Va nihoyat, Gran-Pri turnirining bronza medaliga Dmitriy Shokin (+87 kg) sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Gran-Pri turnirida 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun reyting ochkolar ham o‘ynaldi.
Izoh (0)