O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 11-fevraldagi “Alkogolli mahsulotlarga va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Qarorga muvofiq, joriy yilning 1-aprelidan boshlab alkogolli va tamaki mahsulotlariga himoyaning qo‘shimcha darajalariga ega bo‘lgan yangi namunadagi aksiz markalari joriy etiladi. Yangi aksiz markalar dizayni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan ishlab chiqilib, tasdiqlangan.
Qayd etilishicha, amaldagi aksiz markalarda 22 himoya vositasi o‘rnatilgan bo‘lsa, yangi aksiz markalarda ular yana uchtaga ko‘paytirilgan.
Ayni paytda qo‘mita tomonidan yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishi bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar bilan shu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari tanishtirilmoqda. Bu borada targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yilib, bundan aholi keng xabardor qilinmoqda.
Aprel oyidan boshlab savdo peshtaxtalarida yangi namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan alkogolli va tamaki mahsulotlari savdoga chiqariladi. Yuqorida qayd etilgan qarorga muvofiq ulgurji va chakana savdo tarmog‘idagi eski aksiz markali mahsulotlarni esa shu yilning oxirigacha sotish mumkin. Ya’ni, yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilgan kundan boshlab to‘qqiz oy o‘tgach ular markalanmagan deb hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qo‘yish choralari ko‘riladi.
Alkogolli va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan tovarlarni sotishning ruxsat etilgan muddati tugashiga besh oy qolganda eski namunadagi aksiz markalari yopishtirilgan mahsulot qoldiqlari, foydalanilmagan eski namunadagi aksiz markalarining qoldiqlari inventarizatsiya qilinadi. Shu paytda tovarlarda eski namunadagi aksiz markalari bo‘lsa olib tashlanib, ularga yangi aksiz markalari yopishtirilishi kerak. Tovarlardan olib tashlangan eski aksiz markalari, foydalanilmagan eski namunadagi aksiz markalarining qoldiqlari korxonada tashkil etiladigan komissiya tomonidan yo‘q qilinadi.
Inventarizatsiyani o‘tkazish komissiyasiga soliq va moliya organlari vakillari, ishlab chiqaruvchi korxonalar xodimlari kiritiladi. Inventarizatsiyalash natijalari aksiz markalarini hisobga olish ma’lumotlari bilan solishtiriladi.
2016-yilning 1-yanvaridan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari olib kirilishi, ishlab chiqarilishi hamda ularning ulgurji va chakana savdo tarmog‘ida sotilishini aniqlash hamda oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ko‘rishni boshlaydi.
Izoh (0)