Toshkentda shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan maxsus operatsiyalar natijasida o‘g‘rilik va bosqinchilik bilan shug‘ullangan yovuz niyatli kishilar guruhi ishtirokchilari qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Aniqlanishicha, jinoyatlar aynan bitta mashinada, biroq har safar turli davlat raqami belgilari bilan amalga oshirilgan.
Yil boshidan buyon poytaxt ichki ishlar boshqarmasi navbatchi bo‘limiga avtotransport vositalaridan davlat raqami belgilari yechilib ketilayotgani haqida kelib tushgan arizalarni inobatga olib, tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi. Natijada oq Lacetti markasidagi avtomashinada shaxslar guruhi Toshkent shahrining turli tumanlarida o‘g‘rilik va bosqinchilik hujumlari uyushtirgani aniqlandi.
26-fevral kuni besh nafar toshkentlik gumonlanuvchilar qo‘lga olindi. Ulardan birining uyida o‘nlab davlat raqami belgilari topildi va musodara qilindi.
Ayni paytda hibsga olinganlarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi aniqlanmoqda.