Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasining 69-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida O‘zbekistonning 2014-yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va 2015-yil uchun iqtisodiy dasturning muhim yo‘nalishlari to‘g‘risidagi axborot materiali tarqatildi, deya xabar bermoqda UzDaily.
Hujjatda ta’kidlanishicha, 2014-yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8,1 foizni tashkil qildi va bu inflyatsiya darajasining 6,1 foizgacha pasayishini, davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz profitsit bilan bajarilishini va tashqi savdo balansidagi ijobiy saldo 180 million dollarga yetishini ta’minlagan makroiqtisodiy muvazanatlashtirish choralari bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,3 foizga, shu jumladan, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 9,4 foizga oshdi. Ishlab chiqarishga joriy etilgan innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan sanoat mahsuloti hajmi 2013-yil bilan solishtirilganda 3,2 marta oshdi.
Aholi bandligini oshirish dasturlari va iste’mol talabini rag‘batlantirish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha real daromadlarning 10,2 foizga barqaror o‘sishini ta’minlashga yordam berdi, bu chakana tovar aylanishi hajmining 14,3 foizga va aholiga pulli xizmatlar ko‘rsatishning 11,4 foizga oshishida namoyon bo‘ldi.
Izoh (0)