O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov 3-mart kuni Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 8-Sirdaryo okrug saylov komissiyasining raisi Sh.Mamatqulov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili A.Toshmatov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda mahalliy xomashyo va materiallarni qayta ishlash korxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ular tomonidan ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, bu borada imtiyozli kreditlash tizimi samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha qishloq joylarda oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi islohotlarni izchil davom ettirish, farmatsevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati ustidan davlat nazoratini kuchaytirish muhim vazifa sifatida qayd etilgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Sirdaryo tumani kengashi raisi Mahmud Ahmedov, “Nuroniy” jamg‘armasi Sayxunobod tumani bo‘limi rahbari Hamid Mamatqulov va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, bo‘lajak saylovlar Konstitutsiyamiz va milliy qonunchiligimiz talablari asosida, umume’tirof etilgan xalqaro normalarga muvofiq o‘tayotgani mamlakatimiz saylov tizimida demokratik tamoyillarga qat’iy amal qilinayotganidan dalolat ekanini ta’kidladi.
Izoh (0)