Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasining guruh bosqich 1-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” hamda “Naft Tehron” klublari o‘rtasida kechgan uchrashuv o‘z nihoyasiga yetdi. Unda “Paxtakor” klubi Eronning “Naft” jamoasini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
O‘yinni toshkentlik futbolchilar ancha faol boshladi. Dastlabki daqiqalar mehmonlar jarima maydonchasi atrofida bordi. “Naft” futbolchilarining bir oz dovdirab qolganidan foydalangan “Paxtakor” a’zolari hisobni ochish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgandi.
Burchakdan oshirib berilgan to‘pni eronlik futbolchilar o‘z jarima maydonchalaridan uzoqlashtirishga harakat qildi. Ammo to‘p “Paxtakor”ni yangi futbolchisi Adnan Oraxovatsga borib tushdi. Uning jarima maydonchasi chizig‘idan bergan zarbasi darvoza to‘siniga tegib maydonga qaytdi. Qaytgan to‘pni Igor Sergeyev darvozaga yo‘lladi. Ammo mehmonlar darvozaboni Beiranvand hushyorlik qilib, bu to‘pni ushlab oldi.
Shundan keyin eronlik futbolchilar ham asta-sekin o‘zlariga kela boshladi. Ular maydon markazida ustunlikni qo‘lga kiritib, birin-ketin hujumlar uyushtira boshladi. Bu hujumlarni “Paxtakor” himoyachilari va darvozaboni qiyinchilik bilan bartaraf etib turdi. Bunday vaziyatlarda Samvel Babayan shogirdlari jismoniy va funksional tayyorgarlik borasida raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘yayotgani yaqqol namoyon bo‘ldi. Albatta, buni bizda hali mavsum boshlanmagani, Eronda esa ayni qizg‘in pallasiga kirgani bilan izohlash mumkin.
Birinchi bo‘limda toshkentlik futbolchilar, asosan, chap qanotdan hujum uyushtirishga harakat qildi. Bu vaziyatlarda Stas Andreyev va Sasha Merzlyakov ancha faol harakat qilganini alohida ta’kidlash kerak. Ammo jarima maydonchasiga havolatib oshirilgan to‘plarni eronliklar tarkibidagi bo‘ydor braziliyalik legioner Leandro Padovani ortiqcha qiyinchiliksiz bartaraf etib turdi.
“Naft” futbolchilari esa, asosan, o‘ng qanotdan hujum uyushtirdi. Shuningdek, tehronliklar markazdan ham “Paxtakor” jarima maydonchasiga yorib kirishga harakat qildi. Biroq har ikki jamoa har qancha harakat qilsa ham, birinchi bo‘limda darvozalarga to‘p kiritilmadi.
Ikkinchi bo‘lim yana “Paxtakor” vakillarining hujumi bilan boshlandi. Bu esa tezda o‘z samarasini berdi. Darvozabon Lobanov to‘pni egallab olib, oldinga uzatib berdi. Iskandarov o‘ng qanotdagi Karimovni to‘p bilan ta’minladi. Uning havolatib jarima maydonchasiga uzatib bergan to‘pini Kaxi Maxaradze boshi bilan darvozaga aniq yo‘lladi.
Hisob ochilganidan keyin “Naft” futbolchilari oldinga tashlandi. Qarshi hujumga o‘tib ketayotgan futbolchini Sherzod Karimov qo‘pollik bilan to‘xtatib qoldi. Yaponiyalik hakam bu vaziyatda “Paxtakor” yarim himoyachisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatib, uni maydondan chetlatdi.
Bir kishi ko‘p bo‘lib harakatlangan “Naft” jamoasi tezda hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Yegor Krimetsning xatosidan unumli foydalangan Ali Gorbani osonlik bilan Lobanov darvozasini ishg‘ol qildi.
Shundan keyin “Paxtakor” futbolchilarida hisobni oshirish uchun bir qator imkoniyatlar bo‘lgandi. Ammo ular bu imkoniyatlardan unumli foydalana olmadi. Shunday bo‘lsa ham, bir kishi kam bo‘lishiga qaramay toshkentliklar uchrashuvning so‘nggi daqiqalarini juda faol o‘tkazdi. Bu esa o‘z samarasini bermay qolmadi. Vladimir Kozakning jarimadan yo‘llagan kuchli zarbasini eronlik darvozabon qaytardi. Ammo qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Igor Sergeyev aniq zarba bilan gol kiritib, hisobni oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu tariqa “Paxtakor” Osiyo Chempionlar ligasining dastlabki o‘yinida g‘alaba qozonib, uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
“Paxtakor” – “Naft Tehron”: 2:1
Gol: K.Maxaradze (48), I.Sergeyev (85) – Gorbani, 59
“Paxtakor”: Aleksandr Lobanov, Yegor Krimets, Adnan Oraxovats, Aleksandr Merzlyakov, Davron Hoshimov, Akbar Ismatullayev, Kaxi Maxaradze, Sherzod Karimov, Jamshid Iskanderov, Stanislav Andreyev, Igor Sergeyev.
“Naft Tehron”: Ali Rizo Beiranvand, Mexdi Shiriy, Amin Hojimuhammadiy, Ali Rizo Izzatiy, Vohid Amiriy, G‘ulom Rizoiy, Kamoliddin Kamyabinia, Vohid Hamdinajot, Leandro Padovani, Iman Mobali, Gorbani.
Izoh (0)