FIFA “Real” klubining voyaga yetmagan futbolchilar bilan shartnomalari borasida tekshiruv olib borayotganligini tasdiqladi, deya xabar beradi “Stadion.uz” Marca axborotiga tayanib.
“Ayni damda FIFA bu ishga xolis baho berish uchun barcha kerakli hujjatlarni yig‘moqda”, — dedi FIFA vakillaridan biri.
Avvalroq FIFA voyaga yetmagan ikki venesuelalik — Manuel Godoy (2000-yilda tug‘ilgan) va Fernando Masias (1999-yilda tug‘ilgan) masalasini tekshirayotgani xabar berilgan edi. Ulardan birinchisi 2012-yil 12 yoshida “Real” bilan shartnoma imzolagan. Bundan tashqari, u “River Pleyt” va “Inter”da ham tibbiy ko‘rikdan o‘tishga rozilik bergan. 2013-yil madridliklar bu futbolchi bilan shartnoma klubga FIFA bilan muammolar keltirishini o‘ylagan va Godoy bilan munosabatlarni uzgan.
Masias esa 2013-yil 14 yoshida “Real” bilan shartnoma imzolagan, u “venesuelalik Kun” laqabi bilan mashhur bo‘lgan (Kun — Serxio Agueroning laqabi). “Real” u bilan ham munosabatni uzgan, ayni damda u “Rayo Valyekano”da o‘ynamoqda.
Izoh (0)