Germaniya kansleri Angela Merkel Donbassdagi jangarilarni Mariupolga hujum qilishni to‘xtatishga chaqirdi, deya xabar bermoqda “Segodnya.ua”.
Merkelning matbuot kotibi Shteffen Zaybert bayonotiga ko‘ra, kansler shuningdek Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, uni jangarilarga ta’sir ko‘rsatishga da’vat etdi.
“Agar biz doimiy ravishda takrorlanayotgan eskalatsiyaga nuqta qo‘yib, diplomatiyaga imkon berishni istasak, barcha rossiyaparast ayirmachilar yarashuvni hurmat qilishi zarur”, — dedi Zaybert.
Uning ta’kidlashicha, 29-yanvar, payshanba kuni YeI mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuv o‘tkazib, Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar kiritishni muhokama qilmoqchi.
Nashrning eslatishicha, 24-yanvarda jangarilar Mariupoldagi aholi yashaydigan dahalarni o‘qqa tutgan, natijada 30 ga yaqin kishi, jumladan bolalar halok bo‘lgan edi.
Izoh (0)