16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2015-yilda axborot-telekommunikatsiya sohasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratdi:
Rivojlangan infratuzilmani tashkil etmasdan, birinchi navbatda, axborot-kommunikatsiya tizimi, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya qurilishini taraqqiy ettirmasdan turib, iqtisodiyotimizni tarkibiy jihatdan o‘zgartirishga erishish mumkin emas.Shu nuqtai nazardan biz O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini 2013−2020-yillarda kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratishimiz darkor. Internet tarmog‘idan foydalanishning texnik imkoniyatlarini yanada oshirish, keng polosali optik tarmoqlarni kengaytirish va optik tolali aloqa tarmoqlarini qurish ishlarini davom ettirish, barcha hududlarni, shu jumladan, uzoq va chekka hududlarni raqamli televideniyega o‘tkazish ishlarini oxiriga yetkazish zarur.
Vazirlar Mahkamasi ushbu dastur ijrosini qat’iy nazoratga olishi hamda vazirlik va idoralar, pudratchi tashkilotlar tomonidan 2015-yilga belgilangan vazifalarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlashi darkor.
O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llari uchastkalarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning strategik ahamiyatini inobatga olgan holda, “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, Respublika yo‘l jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga avtomobil yo‘llari qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, yo‘llar bo‘yidagi infratuzilmalarni rivojlantirish yuzasidan 2015-yil uchun belgilangan vazifalarni so‘zsiz bajarish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish vazifasi topshiriladi.
Izoh (0)