16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tayyor mahsulotlarni eksport qilish lozimligiga e’tibor qaratdi:
Barchamiz yaxshi anglab olishimiz zarurki, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilmasdan turib, tashqi bozorlarga chiqish va mahsulotlarimizni sotish borasidagi eksport dasturini amalga oshirish, valyuta daromadlari tushumini ta’minlash, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarishni va ish o‘rinlarini tashkil etish, pirovard natijada o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarimizga erishish haqida so‘z yuritish mumkin emas.Jahon bozorida teng raqobatlasha oladigan va keyingi bosqichda iqtisodiy o‘sishning, iqtisodiyotni yanada modernizatsiya va diversifikatsiya qilishning lokomotiviga aylanishi mumkin bo‘lgan tarmoq va korxonalarni jadal rivojlantirish hamda aniq yo‘naltirilgan holda qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash zarur.
Ma’lumki, O‘zbekiston jahon bozorida xomashyo resurslarining, masalan, paxta va boshqa turdagi xomashyolarning narxi keskin tushib ketgan holatlarni ko‘p marotaba boshidan kechirgan.
Shu bilan birga, to‘qimachilik va yengil sanoatning boshqa tarmoqlarida ana shu paxta xomashyosini yanada chuqur qayta ishlashni ta’minlash, bo‘yalgan ip-kalava, trikotaj polotnosi va matolar kabi tayyor mahsulotlarni xorijiy mamlakatlarga eksport qilish, keyinchalik, zamonaviy texnologiya va dizaynni faol o‘zlashtirish asosida, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishda ulkan samaraga erisha olamiz.
Mamlakatimizda ishga solinmagan yana ko‘plab rezerv va imkoniyatlar mavjudligiga birgina shu misol asosida ishonch hosil qilish mumkin.
Bu o‘rinda gap, avvalo, dastlabki xomashyoni va yarim tayyor mahsulotlarni yanada chuqur qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish, buning uchun neft-gaz, neft-kimyo va kimyo, yengil sanoat va elektrotexnika tarmoqlarida yangi kompleks va korxonalar tashkil etish, shuningdek, jahon va mintaqa bozorlarida, ichki bozorimizda xaridorgir bo‘lgan tayyor to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika sanoati, elektronika va maishiy elektr texnika mahsulotlari, maishiy kimyo tovarlari, qurilish va pardozlash materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish haqida bormoqda.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda tegishli vazirlik va idoralar, uyushmalar, kompaniyalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ishtirokida 2015−2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va qabul qilsin.
Izoh (0)