16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2015-yilda axborot-telekommunikatsiya sohasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratdi:
Rivojlangan infratuzilmani tashkil etmasdan, birinchi navbatda, axborot-kommunikatsiya tizimi, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya qurilishini taraqqiy ettirmasdan turib, iqtisodiyotimizni tarkibiy jihatdan o‘zgartirishga erishish mumkin emas.Temir yo‘l kommunikatsiyalarini rivojlantirish borasida ham muhim vazifalar oldimizda turibdi. Yo‘lovchi va yuklarni ishonchli hamda uzluksiz tashishni ta’minlash maqsadida 2015-yilda 260 kilometr temir yo‘llarni qayta tiklash ko‘zda tutilmoqda. Sohada 13 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. 124,1 kilometrlik Angren – Pop elektrlashtirilgan yangi temir yo‘lining qurilishi, 140 kilometrlik Maroqand-Qarshi va 325 kilometrlik Qarshi-Termiz temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish, ikki tomonlama qatnovga ega bo‘lgan Jizzax-Yangiyer elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘i qurilishining ikkinchi bosqichini amalga oshirish kabi loyihalar shular jumlasidandir.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temiryo‘l kompaniyasi Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent va Namangan viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda Angren – Pop temir yo‘lining o‘z vaqtida va sifatli qurilishi ustidan alohida nazorat o‘rnatsin.
Izoh (0)