16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi:
So‘nggi besh yilda an’anaviy maishiy va kommunal xizmatlar ulushi 16 foizdan 9,5 foizga tushdi, yuqori texnologiyalar asosidagi xizmatlar ulushi esa 21,2 foizga qadar ko‘tarildi.Yuqori texnologiyalarga asoslangan xizmatlar orasida keyingi yillarda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari boshqa sohalarga nisbatan jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidlash joiz. Ushbu xizmatlar hajmi so‘nggi besh yilda 3,3 barobar, o‘tgan yili esa 24,5 foizga o‘sdi.
Iqtisodiyotimiz va jamiyatimiz hayotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining alohida va muhim o‘rin tutishini hisobga olib, 2013-yilda 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi qabul qilindi. Ushbu dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar 2014-yilda mamlakatimizda barcha avtomat telefon stansiyalarini raqamli tizimga o‘tkazishni yakunlash uchun zamin yaratdi. Bu esa xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish tezligini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.
Aholi, jumladan, mamlakatimizning olis hududlarida yashayotgan aholining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, 2014-yilda yurtimizda, xususan, Qo‘ng‘irot, Boysun, Uzun, Mo‘ynoq kabi olis tumanlarda 2 ming kilometrdan ziyod optik tolali aloqa tarmoqlari barpo etildi.
Mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni yil sayin ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda ular 10 million 200 ming kishidan oshdi yoki mamlakatimiz aholisining uchdan bir qismini tashkil etmoqda. Respublikamizda internetning o‘tkazuvchanlik darajasi 4 barobar oshirildi, internetga ulanish tezligi esa 1,5-marta ortdi. Shu bilan birga, undan foydalanish narxi 2013-yilga nisbatan 11,6 foizga kamaydi.
O‘tgan yili 500 dan ortiq yangi bazaviy mobil aloqa stansiyalari o‘rnatilishi hisobidan aloqaning ushbu zamonaviy, yuqori texnologiyalarga asoslangan tizimi abonentlari soni qariyb 20 million kishini tashkil etdi, ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi qariyb 26 foizga ko‘paydi.
Ayni paytda qishloq joylarda xizmatlar sohasi hali-beri yetarlicha rivojlanmaganini ham aytish joiz. Qishloqda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar ko‘rsatish hajmi shahardagidan hali-hamon sezilarli darajada ortda qolmoqda. Ayni paytda qishloq joylarda aloqa xizmati, bank-moliya va kommunal xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ham unutmaslik darkor.
Izoh (0)