Navoiy viloyatida Rossiya Federatsiyasi Ryazan viloyatiga ishga joylashtirishini va katta miqdordagi oylik maosh olishlarini aytib qanchadan-qancha kishilarni aldagan jinoyatchi qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda “Huquq” gazetasi.
Bir guruh jabrlanuvchilar 2010-yilning may oyida xorijga ketib, Ryazanda olti oyga yaqin maoshsiz, pasportlaridan ayrilib, og‘ir sharoitlarda ishlashga majbur bo‘ldilar. Jinoyatchi 2011-yil may oyida yana shunga o‘xshash jinoyat sodir etdi. Bu safar uning to‘riga tushganlar o‘n to‘rt kishi edi. 2013-yil mart−aprel oylarida bir guruh kishilarni o‘zi bilan Ryazanga olib ketgan jinoyatchi ularning mehnati evaziga topilgan pullarga qo‘sha-qo‘sha uy-joylar sotib oldi.
Yaxshiroq yashash orzusidagilardan bo‘lgan jabrlanuvchilardan biri ham uning huzuriga kelib, uni ham Rossiyaga olib ketishni iltimos qildi. Ko‘p o‘tmay Ryazanga yetib kelib, unga va’da qilingan sharoit, qulayliklar to‘g‘risidagi gaplarning puchligini bilgan jabrlanuvchining g‘azabi qaynadi. Uni hatto o‘zi xohlagan ishni qilish huquqidan ham mahrum qilib, o‘n sakkiz qavatli bino qurilishida buyurilgan har qanday topshiriqni bajarishga majbur qilishadi. Eng yomoni, ish haqi uyidagilarga ularni ishga olib kelgan vositachi orqali yetkazilardi. Bir necha oydan so‘ng oilasi bilan telefon orqali gaplashgan jabrlanuvchi pulning faqat yarmi yetib borganini bildi.
Sudda jinoyatchining barcha qilmishlari aniqlanadi. Biroq, sudlanuvchi aybiga iqror bo‘lmadi. Rossiya davlatining Ryazan viloyatida ko‘p yillar ishlab, tanishlar orttirganini, hech kimni majburlab olib ketmaganini aytib, turib oldi. Hatto o‘z ukasini yolg‘on va’dalar bilan Ryazanga olib borgan “mehribon” aka jigariga ham ish haqini to‘liq bermaganligi, va’dalarini bajarmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Oxir-oqibat uka akasi ustidan huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat xati bilan murojaat qilishga majbur bo‘ldi. O‘z manfaati yo‘lida boshqalardan foydalangan jinoyatchi sud hukmi bilan 6 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi.
Izoh (0)