International Living jurnali nafaqa hisobiga yashash uchun eng yaxshi davlatlar ro‘yxatini chop etdi. Bu ro‘yxatning eng yuqori pog‘onasidan Ekvador joy oldi, deb xabar beradi “Kun.uz”.
Reyting tuzishda mamlakatdagi narx-navolar, ko‘chmas mulk narxlari, iqlim va tibbiy xizmat sifati kabi ko‘rsatkichlar inobatga olindi. Ekvadorda oziq-ovqat, kiyim-kechak, maishiy xizmatlar, transport, ko‘ngilochar tadbirlar uchun sarf-xarajatlar AQShdagidan deyarli ikki marta arzon. Bu mamlakatda uy ijarasi uchun haqni qo‘shib hisoblagan holda 1,5 ming dollar bilan bemalol bir oy yashasa bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Vesti.ru” nashri.
Ekvadorda shifokor huzuriga tashrif 10 dollardan qimmat turmaydi, restoranda esa 2,5 dollarga ovqatlanish mumkin. 65 yoshdan katta bo‘lgan mamlakat fuqarolariga aviachiptalar, jamoat transporti va madaniy tadbirlar uchun chegirmalar taqdim etiladi. Ekvadorda okean bo‘yida ikki yotoqxonaga ega bo‘lgan kvartirani 100 ming dollardan arzonroqqa sotib olish mumkin. Biroq oxirgi paytlarda mamlakatga chet elda ishlab qaytayotganlar va ko‘chib kelayotgan pensionerlar hisobiga ko‘chmas mulk narxi oshib ketmoqda, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, ushbu reytingdan 25 davlat o‘rin oldi. Ikkinchi o‘rinni Panama, uchinchi o‘rinni Meksika egalladi. Birinchi o‘ntalikda Malayziya, Kosta-Rika, Malta, Ispaniya, Kolumbiya, Portugaliya va Tailand davlatlarini ko‘rish mumkin.
Izoh (0)