Avstriya poytaxti — Vena prokuraturasi vakili Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning sobiq kuyovi — Rahat Aliyevga nisbatan qotillik ayblovi e’lon qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda Associated Press’ga tayanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
Prokurorning ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi Rahat Aliyev Qozog‘istonda ikki bank menejerini o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoiy ishga aloqador hisoblanadi. Ushbu ayblovni Aliyevning o‘zi rad etmoqda.
Avvalroq, Avstriya rasmiylari Rahat Aliyevni Qozog‘istonga topshirish bo‘yicha so‘rovni ikki bor rad etgan edi.
Qozog‘istonda Aliyev muxolifat siyosatchisi Altinbek Sarsenbayevning o‘ldirilishini tashkillashtirishda gumon qilinmoqda. Uni 2006-yil 11-fevral kuni Olma-Otada haydovchisi va qo‘riqchisi bilan birga o‘g‘irlab, o‘ldirib ketishgandi.
Tergov jarayoni davomida ushbu jinoyatga 10 kishi aloqador ekanligi ma’lum bo‘lgan. O‘shanda ushbu jinoyat buyurtmachisi sifatida Qozog‘iston Senati devonining sobiq rahbari Yerjan Utembayev aybdor deb topilib, mol-mulki musodara qilingan va 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.