17-yanvardan boshlab Toshkent shahrida sayyohlik uchun mo‘ljallangan dastlabki ikki qavatli avtobuslar harakatlana boshlaydi. Bu haqda dabldekerlarni xarid qilgan Aznur Travel kompaniyasining bosh direktori Ulug‘bek Nurmatov axborotiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Tashkent city tour degan yozuv hamda O‘zbekiston logotipi bitilgan ikki avtobus barcha tegishli jarayonlar va kelishuvlardan, shuningdek, sinovdan o‘tgach, o‘z yo‘nalishiga chiqishga tayyor turibdi.
Avtobuslar harakatni poytaxt markazidagi O‘zbekiston mehmonxonasidan soat 9:00, 10:00, 12:00, 13:00, 15:00 va 16:00 da boshlaydi va 2,5 soat mobaynida 34 kilometrni bosib o‘tadi. Bunda dabldekerlar Toshkentning 8 ta diqqatga sazovor joyi va tarixiy yodgorligi atrofida 10—15 daqiqalik tanaffus qiladi.
Mazkur sayyohlik avtobuslari uchun chipta narxi bolalarga 15 ming so‘m, kattalarga 25 ming so‘m, chet el fuqarolari uchun Markaziy bank kursi bo‘yicha 20 AQSh dollarini tashkil etadi.
Chipta bir kun mobaynida amal qiladi, ya’ni yo‘lovchilar istalgan bekatda uzoqroq qolish va kun oxiriga qadar boshqa reysdagi avtobusda qaytish imkoniga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyning Higer kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ikki dabldeker Toshkentga dekabr oyi o‘rtalarida keltirilgan edi. Aznur Travel kompaniyasi bunday ikki qavatli avtobuslar miqdorini 15 tagacha yetkazib, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini joriy etishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)