2-Respublika tibbiyot kolleji yotoqxonasi binosi va inshootlari yondosh hududlari bilan birgalikda beg‘araz asosda Toshkent Xalqaro Vestminster universitetiga beriladi, deb xabar bermoqda UzReport.
Tegishli qaror 2014-yil 16-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti talabalarining o‘qishi va turar-joyi uchun qo‘shimcha sharoitlarni yaratish maqsadida qabul qilindi. Hujjat Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va universitet tomonidan ishlab chiqilgan universitet infratuzilmasini yanada kengaytirish dasturi tasdiqlandi.
Dasturga binoan, universitet to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish hisobidan tushadigan o‘z mablag‘lari, byudjet ssudalari, xayriya va qonunchilik tomonidan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar evaziga yotoqxona binosini kapital ta’mirlashi va jihozlashi, uning hududida muhandislik-kommunal inshootlarni qurishi va hududni obodonlashtirishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga universitetning asoslangan arizasiga binoan dasturni amalga oshirish uchun 3 milliard so‘m miqdorida foizsiz byudjet ssudasi ajratilishi topshirildi. Ushbu ssuda 2016-yildan boshlab 3 yil muddatda bosqichma-bosqich qoplanishi ko‘zda tutilgan. Dastur amalga oshirilishi uchun ishlatiladigan mahsulotlar 2016-yil 31-dekabrgacha bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinadi.
Izoh (0)