Toshkentda Ebola epidemiyasiga qarshi “vaksina” sotayotgan firibgarlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu haqda Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhi a’zolari xabar berdi.
Qayd etilishicha, firibgarlar Toshkentdagi ko‘pqavatli uylarda yurib, qo‘llaridagi daftardagi ro‘yxat asosida o‘zlari Ebolaga qarshi “vaksina” deb atagan modda solingan kichik idishlarni 10 ming so‘mdan pullamoqda. Undan foydalanish bo‘yicha og‘zaki ko‘rsatma berib, banan yeyishdan ogoh bo‘lishga chaqirayotgani aytilgan.
O‘zini tanishtirish va tegishli guvohnomani ko‘rsatish so‘ralganda firibgarlar hujjat yo‘qligini aytib, mavjud bo‘lmagan raqamga qo‘ng‘iroq qilib bilib olish mumkinligini ma’lum qilgan. Xonadon egasi bu raqamga qo‘ngiroq qilib ko‘rganda, operator mavjud bo‘lmagan raqam terilayotganini aytgan. Bunga javoban firibgarlar o‘z telefonidan shu raqamga qo‘ng‘iroq qilib ko‘rsatgan.
Xonadon sohibining aytishicha, ulardan birini suratga olganda u go‘shakka uni suratga tushirishganini aytib, zinadan pastga qochib tushgan. Foydalanuvchining so‘zlariga ko‘ra, ular shu uyning pastki qavatlaridagi uylardan pul yig‘ib chiqishga ham ulgurgan.
Izoh (0)