2014-yil 4-dekabr kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi “Fizika – Quyosh” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining Materialshunoslik institutida “O‘zbekkino” Millik agentligi buyurtmasi bilan “Fazo-video” studiyasida tasvirga olingan “Musaffo havo” hujjatli filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ssenariy muallifi Dinora Azimovaning qayd etishicha, ushbu film O‘zbekistonda quyosh energiyasidan foydalanish tarixi va istiqbollari haqida hikoya qiladi.
“O‘zbekistonda quyosh energiyasidan foydalanish tarixi XX asrning 70-yillaridan boshlanadi. O‘sha paytda ‘Geliotexnika’ jurnali chiqa boshlagan va 2000 darajadan ortiq haroratga bardosh beruvchi materiallarini sinash uchun zarur quyosh pechini qurish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Hozirgi kunda butun dunyoda qayta tiklanuvchi va ekologik jihatdan toza energiya manbalariga ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda quyosh nurini elektr quvvatiga aylantirub beruvchi vositalarni ishlab chiqarish muhim ahamiyat kasb etmoqda”, − dedi u.
Shu maqsadda 2013-yilning 20−23-noyabr kunlari Toshkent shahrida Osiyo “Quyosh energiyasi” forumining 6-yig‘ilishi o‘tkazilgani, O‘zbekiston hukumatining Xalqaro Quyosh energiyasi institutini tashkil qilish va Samarqand viloyatida quvvati 100 MVtga teng quyosh elektr stansiyasi qurish to‘g‘risida qarorlar qabul qilganini ushbu yo‘nalishdagi dadil qadamlar deb baholash mumkin.
Materialshunoslik instituti ilmiy kotibi Mirzasulton Mamatqosimovning bildirishicha, quyosh pechining ishga tushirilishi O‘zbekistonda texnik keramika sanoatini vujudga keltirdi. Endilikda uning xalq xo‘jaligi uchun ahamiyati beqiyosdir.
“Dastlab harbiy va kosmonavtika sanoati uchun materiallar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan quyosh pechida bugungi kunda elektrotexinka sanoati uchun yuqori kuchlanishga chidamli izolyatorlar, to‘qimachilik sanoati uchun keramik ip yo‘naltiruvchilar, neft va gaz sanoati uchun gazlarni yot birikmalardan tozalovchi keramika sharlari, neft mahsulotlarini bug‘lanishini kamaytirib beruvchi keramik pantonlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi”, − dedi M. Mamatqosimov
Quyosh energiyasidan foydalanishning ushbu va boshqa jihatlari haqida hikoya qiluvchi filmning ssenariy muallifi – Dinora Azimova; postanovkachi rejissyori – Mahmud To‘ychiyev; operatori – Qahramon Hasanov.
Izoh (0)