Xorazm viloyatida sayyohlik sohasi, jumladan, ichki turizmni izchil rivojlantirish, sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Viloyatda tarixiy-madaniy meros obyektlarini qayta tiklash, mehmonxonalar, restoranlar va boshqa turizm infratuzilmasi obyektlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish ishlari izchil davom etmoqda.
Xorazmning tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari va go‘zal tabiatidan bahramand bo‘lish istagida kelayotgan mehmonlarga 49 ta sayyohlik tashkiloti xizmat ko‘rsatmoqda. “Xiva qorako‘l” fermer xo‘jaligi qoshida tashkil etilgan yangi sayyohlik markazi shulardan biridir.
Mazkur markazga tegishli binolarda Xivaning “Ichanqal’a” va “Dishanqal’a”sidagi tarixiy obidalar ko‘rinishini aks ettirishga harakat qilingan. Balandligi 36 metr bo‘lgan minora, milliy uslubda bezatilgan va barcha qulayliklarga ega o‘tovlar xorijlik mehmonlar qiziqishini oshirmoqda.
“Xiva qorako‘l” fermer xo‘jaligi rahbari Dilmurod Olloberganovning aytishicha, bu yerda sayyohlarga tuya va otda Qizilqum cho‘li bo‘ylab sayr qilish, markaz yonidagi ko‘l uzra qayiqlarda suzish, baliq ovlash, milliy taomlar, qo‘chqor va xo‘roz urishtirish tomoshasi va boshqa xizmatlar taklif etilmoqda.
Viloyatda turizmning rivojlanib borayotgani ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bermoqda. Mazkur markazda turizm sohasining turli mutaxassisliklari bo‘yicha ma’lumotga ega o‘nlab yoshlar ish bilan ta’minlangan.
Izoh (0)