Toshkent viloyatida yangi sayyohlik yo‘nalishlari ochish, mehmonlarni tarixiy obidalar, milliy hunarmandlik va xalq amaliy san’ati namunalari bilan tanishtirish uchun qulay shart-sharoit yaratish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Xususan, Bo‘stonliq tumanidagi Hojikent va Yusufxona qishloqlarida zamonaviy mehmonxonalar qurilib, foydalanishga topshirildi, “Oqtosh” sanatoriysi ta’mirlandi. Chimyon — Chorvoq rekreatsion zonasida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu yerga keluvchi mehmonlarning dam olishi, sayohat qilishi uchun yaratilgan sharoitlar yaxshilanmoqda. Xizmat ko‘rsatish turi ko‘payib, sifati yuksalmoqda.
Vohada agroturizmni rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar bajarilmoqda. Bo‘stonliq va Chinoz tumanlarida baliq mahsulotlari ko‘rgazmasi, “Chimyon — ekstrim” qishki sport o‘yini, “Chimyon sadosi” ekologik sayohat festivalini an’anaviy tashkil etish rejalashtirilgan.
“Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizga 2013-yilning shu davriga nisbatan o‘n ming nafar ko‘p — 60 ming sayyoh keldi. Ularga ko‘rsatilgan xizmatlardan qariyb 27 milliard so‘m foyda ko‘rildi. Belgilangan vazifalar to‘liq amalga oshirilgach, hududimizga kelib-ketuvchi sayyohlar ham, olinadigan foyda ham ikki hissa ortishi kutilmoqda”, — dedi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining Toshkent viloyati mintaqaviy bo‘limi mutaxassisi Jamshid G‘oziyev.
Izoh (0)